top of page
Search

Ijtimoiy tarmoqlar bizning hamyonimizni boshqarayaptimi?

Updated: Aug 2

Muallif: Sarvinoz Davlatova

Algoritmlar va raqamli marketing yoshlarning moliyaviy qarorlariga qanday ta'sir qilmoqda?


"Instagram'ni shunchaki besh daqiqaga ochgandim."

Aslida maqsadim do'stlarimning yangi suratlarini ko'rish edi. Ammo bir necha daqiqa ichida ekranim burgerlar, yangi ochilgan kafelar va "faqat bugun amal qiladi" degan aksiyalar haqidagi videolar bilan to'lib ketdi.

Oradan o'n daqiqa o'tmay esa telefonimda buyurtmam tasdiqlangani haqida xabar turardi.

Och emasdim.

Buni rejalashtirmagandim ham.

Shunda o'zimga bitta savol berdim:


Bu qarorni men qildimmi yoki algoritm?


Bu holat faqat men bilan sodir bo'lgan emas. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar nafaqat biz ko'radigan kontentni, balki ayrim hollarda xarid qilish odatlarimizni ham shakllantiradi. Shu sababli moliyaviy savodxonlik endi faqat pulni boshqarishni emas, balki qarorlarimizga nima ta'sir qilayotganini anglashni ham anglatadi.



Algoritmlar tasodifan ishlamaydi


Instagram va TikTok kabi platformalar har bir foydalanuvchining qiziqishlarini kuzatadi. Qaysi videoni oxirigacha tomosha qilganingiz, qaysi postga layk bosganingiz yoki qaysi mahsulotni izlaganingiz algoritmlar uchun ma'lumot hisoblanadi. Shu asosda ular sizni ko'proq qiziqtiradigan kontentni tavsiya qiladi.


Bu mexanizmning o'zi yomon emas. U foydalanuvchi tajribasini yaxshilash uchun yaratilgan. Ammo reklama va marketing bilan birlashganda, u bizning xarid qilish qarorlarimizga ham ta'sir ko'rsatishi mumkin.


Pew Research Center tomonidan 2024-yilda o'tkazilgan tadqiqotga ko'ra, AQShdagi o'smirlarning 96 foizi internetdan har kuni foydalanadi, deyarli yarmi esa "deyarli doim onlayn" ekanini bildirgan. Shuningdek, Statista ma'lumotlariga ko'ra, Gen Z vakillari yangi mahsulot va brendlarni kashf etishda eng ko'p foydalanadigan manbalardan biri aynan ijtimoiy tarmoqlardir. Bu esa platformalar bugungi kunda nafaqat muloqot, balki iste'mol qarorlari shakllanadigan muhitga aylanganini ko'rsatadi.



Xarid qilish qarori qanday shakllanadi?

Ko'pchiligimiz xaridni bir zumda qabul qilingan qaror deb o'ylaymiz. Aslida esa u ko'pincha asta-sekin shakllanadi.

Avval mahsulotni ko'rasiz.

Keyin uni yana uchratasiz.

Sevimli blogeringiz uni tavsiya qiladi.

Do'stingiz undan foydalanayotganini ko'rasiz.

Shundan so'ng u oddiy xohish emas, balki ehtiyojdek tuyula boshlaydi.

Psixologiyada bu "mere exposure effect" deb ataladi — biror narsani qayta-qayta ko'rish unga nisbatan ijobiy munosabatni kuchaytirishi mumkin. Ushbu nazariya 1968-yilda amerikalik psixolog Robert Zajonc tomonidan ilmiy asoslangan. Muammo reklamaning o'zida emas, balki uning ta'sirini ko'p hollarda sezmay qolishimizdadir.


"Ba'zan biz mahsulotni emas, u bilan bog'liq hissiyotni sotib olamiz."



FOMO: "Men nimanidir o'tkazib yubormayapmanmi?"

Har kuni yangi trendlar paydo bo'ladi. Kimdir yangi telefon oladi, boshqasi mashhur kafega boradi, yana kimdir yangi kolleksiyadan kiyim xarid qiladi.

Shu paytda ko'pchiligimiz bilmagan holda o'zimizga bir savol beramiz:

"Men nimanidir o'tkazib yubormayapmanmi?"

Bu hissiyot FOMO (Fear of Missing Out) deb ataladi. Ba'zan biz mahsulotning o'zini emas, balki trendning bir qismi bo'lish hissini sotib olamiz.



Moliyaviy savodxonlikning yangi ma'nosi

Bugungi kunda xarid qilish do'konga kirgan paytda emas, telefon ekranida boshlanishi mumkin. Shu sababli moliyaviy savodxonlik endi nafaqat budjet tuzish yoki pulni tejash, balki qarorlarimizga ta'sir qilayotgan omillarni tushunishni ham o'z ichiga oladi.


Deloitte tadqiqotlari ham Gen Z vakillari ijtimoiy tarmoqlarda boshqa avlodlarga qaraganda ko'proq vaqt o'tkazishini ko'rsatadi. Bu esa algoritmlar va reklamalarning yoshlar qarorlariga ta'sir qilish imkoniyatini yanada oshiradi.



Hamyoningizni algoritmlardan qanday himoya qilish mumkin?

Algoritmlarni to'xtatib bo'lmaydi. Ammo ularning ta'sirini kamaytirish mumkin.

  • 24 soat qoidasi. Mahsulot yoqib qolsa, uni darhol sotib olmang. Bir kun kuting. 

  • O'zingizga uchta savol bering: 

    • Men bunga haqiqatan ham ehtiyoj sezayapmanmi? 

    • Bir hafta o'tgach ham buni xohlaymanmi? 

    • Agar bu reklamani ko'rmaganimda ham uni sotib olarmidim? 

  • Budjet tuzing. Istaklar uchun ham alohida mablag' ajrating. 

  • Ekran vaqtini nazorat qiling. Kamroq vaqt — kamroq reklama va impulsiv xarid. 



Xulosa

Texnologiyalar rivojlanishda davom etadi. Algoritmlar yanada aqlliroq bo'ladi, reklama esa tobora shaxsiylashadi. Ammo shunday bir narsa borki, uni hech qanday algoritm bizning o'rnimizga tanlay olmaydi.


Bu — ongli qaror.

Haqiqiy moliyaviy savodxonlik faqat ko'proq pul topish yoki uni tejash emas. U har bir xarid ortida qanday sabab yotganini tushunishdan boshlanadi. Chunki pul odatda hamyondan emas, avvalo qarordan chiqadi.


Shuning uchun keyingi safar ijtimoiy tarmoqda navbatdagi "chegirma" yoki "eng mashhur mahsulot" haqidagi videoni ko'rganingizda, bir lahza to'xtab o'zingizga bitta savol bering:


"Bu qarorni men qilyapmanmi yoki algoritm?"

 
 
 

Recent Posts

See All
समझदार लोग भी पैसों के मामले में गलत फैसले क्यों लेते हैं?

By:Hitakshi Nadam हम सभी को लगता है कि जब पैसों की बात आती है, तो हम सही फैसला लेते हैं। अगर कोई चीज़ महंगी है, तो हम उसे खरीदने से पहले सोचेंगे। अगर किसी निवेश में ज्यादा जोखिम है, तो हम सावधान रहेंग

 
 
 

Comments


bottom of page